Yangi uy sotib olishdan oldin nimalarni tekshirish kerak? Mutaxassislar fikri
Перевода пока нет. Показан исходный текст, язык: Oʻzbekcha

Qurilish bosqichidagi uydan xonadon sotib olishdan oldin quruvchini, loyiha hujjatlari va shartnomani qanday tekshirish kerak? Spot ko‘chmas mulk bozori eksperti va yurist bilan xaridor mablag‘i hamda huquqlarini himoya qilish yo‘llarini ko‘rib chiqdi
Qurilish bosqichidagi uydan xonadon sotib olish tayyor uy xarididan farq qiladi. Xaridor hali foydalanishga topshirilmagan bino uchun pul to‘laydi va quruvchi uni kelishilgan muddatda bitkazib, topshirishiga tayanadi. Shu sababli bitim tuzishdan oldin qurilish kompaniyasini, yer va loyiha hujjatlarini, shuningdek shartnoma shartlarini sinchiklab tekshirish muhim. Aks holda qurilish kechikishi yoki to‘xtab qolishi, to‘langan mablag‘ni qaytarib olish esa qiyinlashishi mumkin.
Xavf ko‘lami raqamlarda ham ko‘rinadi. Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda ulushli qurilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar oqibatida qariyb 3 ming fuqaro jami 668 mlrd so‘m zarar ko‘rgan.
Xaridor pulini himoya qilish uchun eskrou tizimi qo‘llanadi. Bunda mablag‘ bankdagi maxsus hisobvaraqda saqlanadi va belgilangan shartlar bajarilgach, quruvchiga o‘tkaziladi. Hozircha eskrou majburiy emas, undan ixtiyoriy foydalanish mumkin.
Ulushli qurilishni tartibga soluvchi qonun loyihasi 10-noyabr kuni Qonunchilik palatasida qabul qilinib, Senatga yuborildi. Hujjatda xaridorlar mablag‘ini eskrou hisobvaraqlarida saqlash, quruvchilarga talablarni kuchaytirish va ulushdorlarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari nazarda tutilgan. Hozircha hujjat qonun sifatida kuchga kirmagan.
Shunday sharoitda quruvchini, loyiha hujjatlarini va shartnomani sinchiklab tekshirish ayniqsa muhim. Spot ko‘chmas mulk bozori mutaxassisi Farrux Kuziyev va SherLegal yuridik firmasi asoschisi Sherzod Egamberdiyev bilan xonadon xaridida nimalarga e’tibor berish va mablag‘ni qanday himoya qilish mumkinligini muhokama qildi.

Alliance Property rahbari, O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori eksperti.
Men qurilish sur’atini baholashda 5 ta omilga e’tibor beraman.
1. Ishchilar va ular bajarayotgan ishlar. Ishchilar ko‘pligi qurilish jadal ketayotganini anglatmaydi. Muhimi ularning soni emas, balki aynan qanday ish bilan band ekanidir.
2. Qurilish texnikasi. Minora kranlari ishlayaptimi? Materiallar yuqori qavatlarga muntazam ko‘tarilayaptimi? Bu qurilish sur’ati va texnik ta’minot darajasini baholashga yordam beradi.
3. Materiallar ta’minoti. Faol maydonga ishlarning joriy bosqichiga mos materiallar muntazam yetkazib berilishi kerak. Bu qurilish uzluksiz davom etayotganining muhim belgisi.
4. Maydonning tashkil etilishi. Ish joylari, materiallarni saqlash, texnika xavfsizligi va ichki logistika to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganmi? Tartib va xavfsizlik talablariga rioya qilinishi samaradorlikni ko‘rsatadi.
5. Qurilish dinamikasi. Bu eng muhim omil. Qurilish holatini bir martalik tashrif bilan baholab bo‘lmaydi. Buning uchun maydondagi ishlar qanday o‘zgarayotganini bir necha oy davomida kuzatish kerak.
Maydonga oyiga kamida bir marta boring va xonadon olmoqchi bo‘lgan blokingizni har safar bir nuqtadan suratga oling. Surat sanasini, blok raqamini va qavatlar sonini qayd etib boring. Masalan, bino yanvarda 5, fevralda 7, martda esa 9 qavatga yetgan bo‘lsa, qurilish davom etayotganini ko‘rish mumkin. Bir necha oy davomida sezilarli o‘zgarish bo‘lmasa, sababini aniqlang. Bunda ob-havo, texnik tanaffuslar va qurilish bosqichini ham hisobga oling: poydevor ishlari qavatlarni ko‘tarishga qaraganda ko‘proq vaqt olishi mumkin.
Shuni ham unutmang: bino qavatlari bitishi qurilish tugadi degani emas. Fasad, lift, elektr va suv tarmoqlari, ichki pardozlash hamda obodonlashtirish ishlari ham bajarilishi kerak.
Quruvchini va loyiha hujjatlarini qanday tekshirish kerak?
Bugungi kunda xaridorlar qurilish obyektlari haqidagi ma’lumotlarni davlat axborot tizimlari orqali mustaqil tekshira oladi. Masalan, Shaffof qurilish geoportali orqali obyektning joylashuvi, qavatlari, bloklari, buyurtmachi tashkilot va ruxsat beruvchi hujjatlar haqidagi mavjud ma’lumotlarni ko‘rish mumkin.
Keyin portaldagi ma’lumotlarni savdo bo‘limi taqdim etgan hujjatlar bilan solishtirish kerak. Masalan, tasdiqlangan loyiha hujjatlarida bino 12 qavatli bo‘lsa-yu, quruvchi 16-qavatdagi xonadonlarni sotayotgan bo‘lsa, bu jiddiy savol tug‘dirishi kerak. Bunday vaziyatda loyiha o‘zgarishlarining qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rmaguncha shartnoma imzolashga shoshilmaslik lozim.
Obyektning xaritada ko‘rinmasligi o‘z-o‘zidan qurilishning noqonuniyligini anglatmaydi. Bunga texnik xato yoki ma’lumotlarning kech yangilanishi sabab bo‘lishi mumkin. Biroq bunday holatda quruvchidan tegishli hujjatlarni so‘rash, zarur bo‘lsa, vakolatli davlat organlariga murojaat qilib, vaziyatga aniqlik kiritish kerak.
Yana bir muhim jihat — loyiha hujjatlari bo‘yicha ijobiy ekspertiza xulosasining mavjudligi. Uning raqami, sanasi va haqiqiyligini tegishli davlat reyestri orqali tekshirishni tavsiya qilaman. Quruvchi qurilishning qonuniyligini hujjatlar bilan tasdiqlay olmasa, bunday obyektga pul tikishga shoshilmaslik kerak.
Bitimni to‘xtatib turish uchun nima asos bo‘ladi?
Qurilish sifatini uchta bosqichga ajratib baholash mumkin.
- Poydevor. Bu bosqichda xaridor ko‘zga tashlanadigan yoriqlar, kotlovanda suv to‘planishi, suv chiqarish tizimining noto‘g‘ri tashkil etilishi, beton va armaturadagi ko‘rinib turgan shikastlarga e’tibor berishi mumkin. Biroq poydevor sifatini faqat tashqi ko‘rinishiga qarab baholab bo‘lmaydi. Buning uchun loyiha hujjatlari, muhandislik-geologik tadqiqotlar, laboratoriya sinovlari va mutaxassis xulosasi kerak.
- Yuk ko‘taruvchi karkas. Bu bosqichda katta yoriqlar, ko‘zga ko‘rinadigan deformatsiyalar, ochilib qolgan armatura, betondagi bo‘shliqlar va sifatsiz quyilgan beton belgilariga e’tibor berish lozim. Lekin har qanday yoriq binoning avariya holatida ekanini anglatmaydi. Uning sababi va xavflilik darajasini faqat muhandis-konstruktor aniqlay oladi.
- Pardozlash. Bu bosqichda xaridor ko‘plab kamchiliklarni mustaqil aniqlashi mumkin. Jumladan, devor va pollarning notekisligi, suv sizishi, namlik, derazalarning sifatsiz o‘rnatilishi, shamollatish va boshqa muhandislik tizimlaridagi muammolarni tekshirish kerak.
Reklamadagi muddat va qurilishning real sur’ati
Xaridorlar ko‘pincha reklamada ko‘rsatilgan topshirish sanasini aniq kafolatlangan muddat deb qabul qiladi. Aslida esa uchta alohida jarayonni farqlash kerak:
- asosiy qurilish ishlarining yakunlanishi;
- binoning foydalanishga topshirilishi;
- xonadonning xaridorga amalda topshirilishi.
Bu jarayonlarning har biri alohida vaqt talab qiladi.
Masalan, poydevor bosqichida turgan 12−16 qavatli turar joy binosining qurilish muddatlari taxminan quyidagicha bo‘lishi mumkin:
| Qurilish bosqichi | Taxminiy muddat |
| Poydevor va yerosti qismini qurish | 2−5 oy |
| Monolit karkasni ko‘tarish | 5−9 oy |
| Devorlar, fasad va muhandislik tizimlarini qurish | 5−9 oy (ayrim ishlar parallel olib boriladi) |
| Pardozlash, sinovlar va obodonlashtirish | 3−6 oy (ayrim ishlar parallel olib boriladi) |
| Foydalanishga topshirish va xonadonlarni berish | Binoning tayyorlik darajasi va rasmiy tartiblarga bog‘liq |
Bunday binoni poydevoridan boshlab, xonadonlarni topshirishgacha bo‘lgan jarayon taxminan 18−30 oy davom etishi, ba’zan esa undan ham ko‘proq vaqt talab qilishi mumkin. Bu umumiy hisob-kitob bo‘lib, muddatlar har bir loyihada farqlanadi. Ayrim qurilish ishlari bir vaqtning o‘zida olib borilishi mumkin.
Masalan, quruvchi 16 qavatli binoning endigina poydevorini qurayotgan bo‘lsa-yu, olti oydan keyin xonadonlarni topshirishni va’da qilsa, men bu muddatga ishonishdan oldin uning qanchalik real ekanini tasdiqlovchi hujjatlarni so‘ragan bo‘lardim.
Monolit binolarda qurilish ishlari yaxshi tashkil etilgan bo‘lsa, bir qavatni qurish odatda 7−14 kun davom etadi. Biroq bu binoning maydoni, konstruksiyasi, ishchilar soni, qoliplar va texnikaga bog‘liq. Shu sababli ayrim obyektlarda qavatlar tezroq, boshqalarida esa sekinroq ko‘tarilishi mumkin.
Bir qavat qurilishining bir necha kunga kechikishini katta muammo deb hisoblamayman. Lekin quruvchi oyiga uch qavat qurishni rejalashtirib, amalda ikki oyda atigi bitta qavatni ko‘targan bo‘lsa, bu jiddiy kechikish hisoblanadi. Ayniqsa, bunday holat bir necha oy davom etsa, xavf ortadi.
Xonadonni qabul qilishda nimalarni tekshirish kerak?
Tekshiruvni hujjatlardan boshlash kerak. Xonadonning rejasi, ichki devorlarning joylashuvi, umumiy maydoni va pardozlash darajasini shartnoma hamda uning ilovalaridagi ma’lumotlar bilan solishtiring. Keyin quyidagilarga e’tibor bering:
- Devorlar va pollar: o‘lchamlar, tekislik, yoriqlar va polning tekislovchi qatlami sifati.
- Derazalar: ochilib-yopilish mexanizmi, shikastlar va o‘rnatishdagi ko‘zga tashlanadigan nuqsonlar.
- Muhandislik tizimlari: elektr tarmog‘i, rozetkalar, kalitlar, suv ta’minoti, kanalizatsiya, isitish va shamollatish tizimlari. Ularni shartnomadagi jihozlanish darajasi va xavfsiz sinov imkoniyatlariga muvofiq tekshirish lozim.
Xonadonni kunduz kuni, tabiiy yorug‘lik yetarli paytda va shoshilmasdan ko‘rgan ma’qul. Agar kvartira qimmat bo‘lsa yoki xaridor qurilish ishlarini yaxshi bilmasa, texnik qabul jarayoniga mustaqil mutaxassisni jalb qilish kerak.
Eng katta xatolardan biri — xonadonni sinchiklab tekshirmasdan, quruvchining “kamchiliklarni keyin tuzatamiz” degan va’dasiga ishonib, qabul-topshirish dalolatnomasini imzolash.
Aniqlangan nuqsonlarni suratga olib, dalolatnoma yoki nuqsonlar qaydnomasida aniq ko‘rsatish kerak. Masalan, shunchaki “deraza yomon” deb yozish o‘rniga, “yotoqxonadagi deraza tabaqasi to‘liq yopilmaydi, tabaqa va rom o‘rtasida tirqish bor” deb qayd eting.
Yashirin nuqsonlar bo‘yicha shartnoma shartlari, kafolat muddatlari va amaldagi qonunchilikni diqqat bilan o‘rganish muhim. Xaridor nuqson aniqlanganda talabnomani kimga va qanday tartibda yuborishi, kamchilik qanday rasmiylashtirilishi, quruvchi qancha muddatda javob berishi va nizo yuzaga kelgan taqdirda ekspertiza qanday o‘tkazilishini oldindan bilishi kerak.
Mustaqil ekspertizani qachon va nima uchun jalb qilish kerak?
Mustaqil ekspertizani xaridor manfaatlarini himoya qilishda yetarlicha baholanmaydigan vosita deb hisoblayman. Bunda ikki xil tekshiruvni bir-biridan farqlash kerak.
- Xonadonni texnik qabul qilish. Mutaxassis pardozlash sifati, xonalar geometriyasi, derazalar, muhandislik tizimlari va bajarilgan ishlarning shartnomaga muvofiqligini tekshiradi.
- To‘liq qurilish-texnik ekspertiza. Bu muhandislar tomonidan bajariladigan keng qamrovli tekshiruv bo‘lib, loyiha hujjatlarini o‘rganish, yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarni baholash, instrumental tadqiqotlar va laboratoriya sinovlarini o‘z ichiga oladi.
Bu ikki xizmatning narxi ancha farq qiladi. Toshkentda oddiy xonadonni texnik qabul qilish uchun dastlabki budjet sifatida bir necha yuz ming so‘mdan bir necha million so‘mgacha mablag‘ ajratish mumkin. Yakuniy narx xonadon maydoni, tekshiruv ko‘lami va ishlatiladigan uskunalarga bog‘liq. Bu rasmiy yoki tasdiqlangan tarif emas, balki taxminiy baho. To‘liq qurilish-texnik ekspertizasi esa har bir holatda alohida hisoblanadi va ancha qimmatga tushishi mumkin.
O‘zbekiston bozorida xaridorlarning mustaqil tekshiruv madaniyati keng shakllanishini istardim. Xonadonni chiroyli renderlar, reklama va quruvchi va’dalariga qarab emas, balki hujjatlar, aniq faktlar va xavflarning professional bahosiga tayanib tanlash kerak.

SherLegal yuridik firmasining asoschisi.
Xonadon sotib olayotganda ko‘pchilik narxga e’tibor beradi, lekin shartnoma turini yetarlicha o‘rganmaydi.
Aslida xaridorning qanday huquqqa ega bo‘lishi — mulk huquqigami, xonadonni topshirishni talab qilish huquqigami yoki kelajakda asosiy shartnoma tuzish huquqigami — shartnoma turiga bog‘liq.
Xonadon xaridida bir nechta shartnoma shakli uchraydi. Ularning huquqiy oqibatlari bir-biridan farq qiladi.
Oldi-sotdi shartnomasi. Bunday shartnoma, odatda, qurilishi tugallangan va foydalanishga topshirilgan xonadonni sotib olishda tuziladi. Sotuvchining xonadonga bo‘lgan mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi kerak. Shartnoma notarial tasdiqlanib, mulk huquqi xaridor nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Dastlabki oldi-sotdi shartnomasi. Bu kelishuv taraflarni kelajakda asosiy oldi-sotdi shartnomasini tuzishga majbur qiladi. Ya’ni dastlabki shartnoma xaridorga darhol xonadonga mulk huquqini bermaydi, balki keyinchalik asosiy shartnomani tuzish majburiyatini yuzaga keltiradi.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, dastlabki shartnoma asosiy shartnoma uchun belgilangan shaklda tuzilishi kerak. Unda shartnomaning predmeti, muhim shartlari va asosiy shartnoma tuziladigan muddat ko‘rsatilishi lozim. Shakl talablariga rioya qilinmasa, u haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Ulushli qurilishda ishtirok etish shartnomasi. Bu qurilayotgan ko‘p kvartirali uylardan xonadon olish uchun mo‘ljallangan shartnoma shaklidir. Xaridor, ya’ni ulushdor, qurilishga mablag‘ kiritadi va evaziga shartnomada ko‘rsatilgan xonadonni topshirishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
2025-yil 1-iyuldan bunday shartnomalar notarial tasdiqlanishi va kadastr organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak. Ro‘yxatdan o‘tkazilganidan so‘ng ulushdor xonadonni topshirishni talab qilish huquqini boshqa shaxsga o‘tkazishi, ulushli shartnomani garovga qo‘yishi mumkin. Shartnomaga asoslangan mulkiy huquq va majburiyatlar esa ulushdorning merosi tarkibiga kiradi.
Investitsiya shartnomasi. Quruvchilar ba’zan xaridorlar bilan xonadon berish sharti ko‘rsatilgan investitsiya shartnomalarini ham tuzadi. Bunday shartnomaning nomi uning huquqiy mohiyatini belgilamaydi. Agar jismoniy shaxs ko‘p kvartirali uy qurilishiga pul kiritib, evaziga xonadon olishni ko‘zlasa, munosabatlarning mazmuniga qarab unga ulushli qurilish qoidalari ham tatbiq etilishi mumkin.
Bron — xonadonni band qilish kelishuvi. Bu xonadonni muayyan muddatga boshqa xaridorlarga taklif qilmaslik haqidagi kelishuvdir. Uning o‘zi xaridorga mulk huquqini bermaydi.
Bron uchun to‘langan pulning huquqiy maqomi ham muhim. Agar pul zakalat sifatida berilsa, bu haqdagi kelishuv summasidan qat’i nazar yozma shaklda tuzilishi shart. Aks holda, to‘lov bo‘nak deb baholanishi mumkin. Umumiy qoidaga ko‘ra, xaridor aybi bilan shartnoma bajarilmasa, zakalat ikkinchi tomonda qoladi, uni olgan tomon aybdor bo‘lsa, pul ikki baravar qaytariladi.
Notarial tasdiq xaridorga nima beradi?
Prezident farmoniga ko‘ra, 2025-yil 1-iyuldan ulushli qurilishda xaridorlarning mablag‘lari faqat notarial tasdiqlangan va kadastrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan shartnomalar asosida jalb qilinishi kerak.
Notarial tasdiq shunchaki rasmiyatchilik emas. U xaridorning huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega. Uning asosiy afzalliklari quyidagilar:
- notarius shartnomani imzolayotgan shaxslarning vakolatlarini va tegishli ma’lumotlarni tekshiradi;
- shartnoma kadastrda ro‘yxatdan o‘tkazilganda, muayyan xonadon bo‘yicha talab qilish huquqi xaridorga biriktiriladi;
- ro‘yxatdan o‘tgan mulkiy huquqni qonunda belgilangan tartibda boshqa shaxsga o‘tkazish, garovga qo‘yish va meros qoldirish mumkin.
Notarial tasdiq talabi bilan eskrou tizimining majburiy joriy etilishi ikki alohida masala. Eskrou bo‘yicha qonun hali kuchga kirmagan bo‘lsa-da, ulushli shartnomalarni notarial rasmiylashtirish talabi Farmonda belgilangan.
Agar notarial tasdiqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talablariga rioya qilinmasa, Fuqarolik kodeksining 112-moddasiga ko‘ra, bitim haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Biroq ayrim hollarda taraflardan biri bitimni bajargan, ikkinchisi esa notarial rasmiylashtirishdan bosh tortgan bo‘lsa, sud bitimni haqiqiy deb topishi mumkin. Buning uchun qonunda belgilangan shartlar mavjud bo‘lishi kerak.
Shuning uchun xaridor pul to‘lashdan oldin shartnomani notarial rasmiylashtirish va kadastrda ro‘yxatdan o‘tkazish masalasini aniqlashtirishi lozim.
Shartnomadagi eng muhim beshta band
Shartnomada o‘nlab bandlar bo‘lishi mumkin, lekin xaridor, birinchi navbatda, quyidagi beshta masalaga e’tibor berishi kerak.
- Shartnoma predmeti. Xonadonning manzili, blok, qavat va raqami, maydoni, rejasi hamda pardozlash holati aniq yozilishi lozim. Bu ma’lumotlar xaridor aynan qaysi xonadonga talab qilish huquqiga ega ekanini belgilaydi.
- Narx va hisob-kitob. Narx so‘mda aniq belgilanishi, qurilish kompaniyasi uni bir tomonlama o‘zgartira olmasligi kerak. To‘lov jadvali va pul o‘tkaziladigan hisobvaraq ham shartnomada ko‘rsatilishi zarur. Xonadon maydoni o‘zgarishi mumkin bo‘lsa, qayta hisob-kitob tartibi va o‘zgarish chegaralari oldindan belgilanadi.
- Topshirish muddati. Xonadonni topshirishning aniq sanasi ko‘rsatilishi kerak. “Qurilish tugagach” yoki “obyekt tayyor bo‘lganda” kabi noaniq iboralardan ehtiyot bo‘ling. Muddatni uzaytirish tartibi ham tushunarli bo‘lishi lozim.
- Qurilish kompaniyasining javobgarligi. Xonadonni kech topshirgan taqdirda penya, yetkazilgan zararni qoplash va boshqa majburiyatlar shartnomada aniq belgilanishi kerak.
- Shartnomani bekor qilish va pulni qaytarish. Muddat jiddiy buzilganida xaridor shartnomani bekor qilishni talab qila olishi lozim. Pulni qaytarish muddati, hisob-kitob tartibi va kechiktirish uchun javobgarlik ham alohida yozilishi kerak.
Pulni qanday to‘lash kerak?
Eskrou tizimi hozircha majburiy qo‘llanmayotgani sababli, to‘lovlar amalda ko‘pincha qurilish kompaniyasining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Pul o‘tkazmasi hujjat bilan tasdiqlanishi va mablag‘ aynan shartnomadagi kompaniyaga borishi uchun quyidagilarga amal qilishni tavsiya qilaman:
- pulni faqat bank orqali va shartnomada ko‘rsatilgan qurilish kompaniyasining rasmiy hisobvarag‘iga o‘tkazish;
- naqd pulda yoki chet el valyutasida to‘lamaslik, savdo xodimi, vositachi va boshqa jismoniy shaxslarning bank kartasiga pul yubormaslik;
- to‘lov maqsadida shartnoma raqami, sanasi va xonadon raqamini ko‘rsatish;
- barcha mablag‘ni birdaniga emas, imkon qadar qurilish bosqichlariga bog‘langan jadval asosida to‘lash;
- qurilish kompaniyasi yoki bank eskrou orqali to‘lash imkonini taklif qilsa, ushbu usulning shartlarini tekshirib, undan foydalanishni ko‘rib chiqish.
Reklama va quruvchining va’dalariga ishonish mumkinmi?
Reklama shartnoma o‘rnini bosa olmaydi va unda aytilgan va’dalarning bajarilishini o‘z-o‘zidan kafolatlamaydi. Og‘zaki va’dalarni keyinchalik isbotlash qiyin. Shu sababli pardozlash darajasi, avtoturargoh, topshirish muddati, atrofdagi qulayliklar, bo‘lib to‘lash va chegirma kabi xarid qaroriga ta’sir qiladigan barcha shartlarni shartnoma yoki uning ilovasida qayd ettiring.
Sotuvchi xaridorga to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot berishi shart. Noto‘g‘ri ma’lumot sizni xonadon sotib olishga undagan bo‘lsa, shartnomani bekor qilish va zararni qoplashni talab qilishingiz mumkin. Aldov jiddiy bo‘lgan taqdirda, bitimni aldov ta’sirida tuzilgan deb topishni ham so‘rash mumkin.
Xaridor oldida, avvalo, qurilish kompaniyasi javob beradi: u shartnoma bo‘yicha sotuvchi, reklama uchun esa reklama beruvchi hisoblanadi. Blogerning javobgarligi boshqacha: u reklamani tarqatuvchi sifatida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi oldida, reklama tarqatilgan vaqt, joy va vositalar bilan bog‘liq holatlar yuzasidan javobgar bo‘lishi mumkin. Pulni qaytarish talabi esa, odatda, qurilish kompaniyasiga qo‘yiladi.
Ulushli qurilish haqidagi qonun loyihasining 73-moddasida loyiha deklaratsiyasi Yagona axborot tizimida e’lon qilinmaguncha qurilish obyektlari va xonadonlarni reklama qilishni taqiqlash nazarda tutilgan. Hozircha bu norma qonun kuchiga ega emas.
Qurilish kompaniyasining muhim va’dalarini shartnomaga kiritishni talab qiling. Reklama materiallarini ham saqlab qo‘ying: ekran tasvirlari, videolar va sanasi ko‘rinadigan havolalar keyinchalik dalil bo‘lishi mumkin. Nizo yuzaga kelsa, dalillarni notarius orqali rasmiylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqing.
Quruvchi xonadonni o‘z vaqtida topshirmasa, nima qilish kerak?
Bu haqda shartnomada alohida yozilmagan bo‘lsa ham, qonunchilik xaridorga muayyan huquqlar beradi. Xaridor shartnomada ko‘rsatilgan xonadonni topshirishni talab qilishi mumkin. Qurilish kompaniyasi penya yoki zararni to‘lagani bilan xonadonni topshirish majburiyatidan ozod bo‘lmaydi. Kechikish tufayli to‘langan ijara haqi, kredit xarajatlari va boshqa isbotlangan yo‘qotishlarni ham undirish mumkin.
Agar shartnoma oldi-sotdi shartnomasi deb baholansa, xonadonni topshirish kechiktirilgan har bir kun uchun uning narxining 0,5% i miqdorida penya undirilishi mumkin. Umumiy penya xonadon narxidan oshmaydi. Ulushli yoki investitsiya shartnomalarida bu qoidaning qo‘llanishi shartnomaning huquqiy mazmuniga beriladigan bahoga bog‘liq. Sud nomutanosib darajada katta penyani kamaytirishi ham mumkin.
Masalan, xonadon narxi 800 mln so‘m, kechikish muddati esa 90 kun bo‘lsa, hisob quyidagicha: 800 000 000×0,5% x 90 = 360 000 000 so‘m. Bu xonadon narxining 45% iga teng. Biroq sud Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga asosan penyani kamaytirishi mumkin. Shu sababli hisoblangan summa har doim ham to‘liq undirilmaydi.
Topshirish muddati jiddiy buzilsa, sud orqali shartnomani bekor qilish, to‘langan pulni, undan foydalanganlik uchun foizlarni va yetkazilgan zararni undirish mumkin. Buning uchun, avvalo, qurilish kompaniyasiga shartnomani bekor qilish taklifini yuborish, uning rad javobini olish yoki javob berish muddati tugashini kutish kerak. Odatda bu muddat 30 kunni tashkil etadi.
Xaridor ma’naviy zarar uchun ham tovon talab qilishi va yashash joyidagi sudga davlat bojini to‘lamasdan murojaat qilishi mumkin. Uy foydalanishga topshirilishi asossiz ravishda olti oydan ortiq kechiksa, u “muammoli inshoot” toifasiga kiritilib, materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilishi mumkin.
Faqat shartnomada yozilgan bo‘lsa amal qiladigan huquqlar:
- qonundagidan yuqori penya;
- sudsiz, bir tomonlama bekor qilish;
- pulni qaytarishning aniq muddati va pul qiymati o‘zgarishini hisobga olish tartibi;
- ijara xarajatlari uchun qat’iy tovon;
- dalolatnoma imzolash kechiktirilgani uchun jarima.
Eskrou hisobvarag‘ida pul bo‘lmasa, olti oylik qoida qo‘llanadimi?
Prezidentning 2025-yil 27-yanvardagi farmoniga ko‘ra, uy loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan muddatdan olti oy o‘tgandan keyin ham foydalanishga topshirilmagan bo‘lsa, ulushdor shartnomani bir tomonlama bekor qilib, eskrou hisobvarag‘idagi mablag‘ini qaytarib olishi mumkin.
Shu Farmonda 2026-yil 1-yanvardan mablag‘larni faqat eskrou orqali jalb qilish rejalashtirilgan edi, shunda bu qoida barcha ulushdorlarga tatbiq etilgan bo‘lardi. Biroq eskrou bo‘yicha alohida qonun hali qabul qilinmagani uchun bu talab amalda ishlamayapti: Adliya vazirligi 5-yanvarda bunday talab haqidagi xabarlar qonuniy asosga ega emasligini bildirgan. Shu sababli eskrou orqali to‘lash hozircha ixtiyoriy.
Demak, olti oylik qoida aynan eskrou hisobvarag‘ida saqlanayotgan mablag‘larga tegishli. Ya’ni xaridor pulni to‘g‘ridan to‘g‘ri quruvchiga o‘tkazgan bo‘lsa, bankdan mablag‘ni ushbu qoida asosida qaytarib olish imkoniyati bo‘lmaydi.
Bunday vaziyatda xaridor shartnomaga va Fuqarolik kodeksiga tayanadi. Agar qurilish kompaniyasi shartnomani jiddiy buzgan bo‘lsa, Kodeksning 382-moddasi asosida shartnomani sud orqali bekor qilishni talab qilishi mumkin.
Shartnomani suddan tashqari, bir tomonlama bekor qilish esa faqat qonun yoki shartnomada bunday huquq nazarda tutilgan bo‘lsa mumkin. Shu sababli shartnomani imzolashdan oldin ushbu bandni ham tekshirish kerak.
Quruvchi topshirish muddatini uzaytirmoqchi bo‘lsa, buni xaridorning roziligi va qo‘shimcha kelishuv asosida amalga oshirishi lozim. Bunday hujjatni o‘qimasdan imzolamang. Yangi muddatga rozi bo‘lsangiz, o‘z manfaatlaringizni ham qo‘shimcha kelishuvga kiriting.
Qurilish to‘xtab qolsa, xaridor nima qilishi kerak?
Bunday vaziyatda shoshilinch xulosa chiqarishdan oldin hujjatlar va holatni birma-bir tekshirish kerak. Xaridorlarga quyidagi ketma-ketlikni tavsiya qilaman.
1. Barcha hujjatlarni yig‘ish. Shartnoma, bank to‘lovlari, quruvchi bilan yozishmalar, reklama materiallari va boshqa dalillarni saqlash hamda qurilish maydonchasining holatini sanasi ko‘rinadigan fotosurat va videoga olish kerak. Zarur bo‘lsa, elektron yozishmalarni notarius orqali qayd ettirish lozim.
2. Shartnomani tekshirish. U notarial tasdiqlanganmi va kadastrda ro‘yxatdan o‘tganmi? Agar bu talablar bajarilmagan bo‘lsa, huquqiy xavf yuqoriroq bo‘ladi. Biroq shartnoma rasmiylashtirilmaganining o‘zi xaridorning barcha huquqlari avtomatik yo‘qolishini anglatmaydi. Fuqarolik kodeksining 112-moddasida ayrim shartlarda sudning bitimni haqiqiy deb topish imkoniyati ham nazarda tutilgan.
3. Obyekt va quruvchini tekshirish. Shaffof qurilish geoportali orqali obyekt haqidagi mavjud ma’lumotlarni, sud.uz orqali esa kompaniya ishtirokidagi sud ishlarini o‘rganish mumkin.
4. Quruvchiga yozma talab yuborish. Unda nimani talab qilayotganingizni aniq yozish kerak: xonadonni topshirish, penya to‘lash yoki shartnomani bekor qilib, pulni qaytarish. Talabni topshirilganini tasdiqlovchi usulda yuboring. Masalan, buyurtma xat, notarius yoki shartnomada ko‘rsatilgan elektron pochta orqali.
5. Boshqa xaridorlar bilan birlashish. Agar bir nechta xaridor bir xil muammoga duch kelgan bo‘lsa, jamoaviy murojaat qilish va umumiy dalillarni to‘plash foydali bo‘lishi mumkin.
6. Tegishli davlat organlariga murojaat qilish. Qurilish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi, iste’molchilar huquqlari buzilishi bo‘yicha Raqobat qo‘mitasi, aldov alomatlari mavjud bo‘lsa, prokuratura yoki ichki ishlar organlariga murojaat qilish mumkin.
7. Muammo hal bo‘lmasa, sudga murojaat qilish. Suddan shartnomani bekor qilish, to‘langan mablag‘ni, foiz va zararni undirishni talab qilish mumkin. Shuningdek, da’voni ta’minlash chorasi sifatida kompaniyaning mol-mulki yoki bank hisobvaraqlarini xatlash to‘g‘risida iltimosnoma kiritish mumkin. Bunday chorani qo‘llash masalasini sud hal qiladi.
Bir xonadon bir necha kishiga sotilgan bo‘lsa-chi?
Agar shartnoma notarial tasdiqlanmagan yoki kadastrda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa, aynan shu xonadonga egalik qilish qiyinlashishi mumkin. Biroq to‘langan pulni qaytarib olish huquqi saqlanadi:
- agar shartnoma haqiqiy emas deb topilsa, tomonlar olgan narsalarini bir-biriga qaytarishi kerak;
- shartnoma haqiqiy deb topilsa-yu, kompaniya uni bajarmasa, shartnomani bekor qilib, to‘langan pulni undirish mumkin;
- har ikki holatda ham pulni noqonuniy ushlab turganlik uchun foiz talab qilish mumkin.
Xonadon hali boshqa xaridorga topshirilmagan bo‘lsa, huquqi avvalroq yuzaga kelgan xaridorning talabi ustun bo‘lishi mumkin. Shu sababli quyidagilarni amalga oshirish kerak:
- imkon qadar tezroq sudga murojaat qilish;
- suddan kompaniyaga xonadonni boshqa shaxsga sotish yoki topshirishni taqiqlashni so‘rash;
- xonadonni qaytarib olishning imkoni bo‘lmasa, to‘langan pulni, foizlarni va zararni undirishni talab qilish.
Bir xonadonning bir necha kishiga sotilgani firibgarlik alomati bo‘lishi mumkin. Bunday holatda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ham murojaat qilish lozim.
Ruxsatnomasiz qurilgan uydan xonadon olingan bo‘lsa, nima bo‘ladi?
Bu xaridor uchun eng xavfli holatlardan biri. Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga ko‘ra, qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yerda, zarur ruxsatnomalarsiz yoki qurilish me’yorlarini jiddiy buzgan holda qurilgan imorat o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.
Bunday imoratni qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi va uni sotish, hadya qilish, ijaraga berish kabi bitimlarni tuzishga haqli emas. Huquqlari buzilgan shaxs yoki tegishli davlat organining da’vosi bilan sud bunday imoratni buzib tashlash haqida qaror chiqarishi ham mumkin.
2026-yil 28-sentabrda qabul qilingan Qonun(30-dekabrdan kuchga kiradi) bilan qurilish sohasidagi davlat nazorati va javobgarlikka oid o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, ko‘p kvartirali uylarni qurish uchun qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyasidan tegishli ruxsatnoma olish talabi belgilandi.
Bu o‘zgarishlar qurilish kompaniyalari zimmasidagi talab va javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan. Xaridor esa pul to‘lashdan oldin obyekt uchun zarur ruxsat beruvchi hujjatlarni va uning davlat axborot tizimlaridagi ma’lumotlarini tekshirishi kerak.
Qachon bu fuqarolik nizosi, qachon esa firibgarlik hisoblanadi?
Bu holatlarni farqlashda asosiy mezon — qurilish kompaniyasi pulni olayotgan paytda xonadonni qurib topshirish niyatida bo‘lganmi yoki boshidanoq xaridorni aldab, uning mablag‘ini egallashni ko‘zlaganmi, degan savol.
Agar kompaniyada haqiqiy loyiha, yer ajratish hujjatlari va qurilish uchun zarur ruxsatlar mavjud bo‘lsa, qurilish boshlangan, biroq moliyaviy qiyinchilik yoki boshqa sabablar tufayli muddat buzilgan bo‘lsa, bu odatda shartnomaviy majburiyatni bajarmaslik hisoblanadi. Bunday nizolar fuqarolik tartibida ko‘rib chiqiladi.
Jinoyat kodeksining 168-moddasida firibgarlik aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulki yoki mulkiy huquqini egallash sifatida belgilangan. Quyidagi holatlar firibgarlik alomatlari borligiga shubha uyg‘otishi mumkin:
- qurilish uchun yer ajratilmagan yoki zarur ruxsatnomalar olinmagan bo‘lishi;
- bir xonadonning bir necha kishiga sotilishi;
- xaridorlardan olingan pulning qurilishga emas, boshqa maqsadlarga sarflanishi;
- kompaniyaning aloqani uzishi, ofisini yopishi va majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlashi.
Biroq bu holatlarning o‘zi firibgarlik sodir etilganini isbotlamaydi. Jinoyat mavjudligi haqidagi yakuniy xulosani tergov va sud beradi.
Agar tergov davomida xaridorning firibgarlik natijasida zarar ko‘rgani aniqlansa, u jabrlanuvchi deb e’tirof etilishi mumkin. Jinoyat-protsessual kodeksining 54-moddasiga ko‘ra, jabrlanuvchi deb e’tirof etish haqida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi.
Bundan tashqari, mulkiy zarar ko‘rgan xaridor fuqaroviy da’vogar sifatida ham e’tirof etilishi mumkin. Buning uchun tergovchiga shartnoma, to‘lov hujjatlari va boshqa dalillarni taqdim etib, yozma iltimosnoma kiritish kerak.
Jinoyat tufayli yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha fuqaroviy da’vo jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan paytdan boshlab sud tergovi boshlanguniga qadar berilishi mumkin. Shu muddatni o‘tkazib yubormaslik muhim. Bunday da’vo jinoyat ishi doirasida ko‘rib chiqiladi va buning uchun davlat boji undirilmaydi.
Manba: Spot.uz







